O‘zbekiston – ShHT: barqarorlik va taraqqiyot yo‘lida hamkorlik

O‘zbekiston – ShHT: barqarorlik va taraqqiyot yo‘lida hamkorlik

Maqola sanasi:13 Iyun 2020

TOSHKENT, 13-iyun /“Dunyo” AA/. Har yili 15-iyun sanasi “Shanxay hamkorlik tashkiloti kuni” sifatida nishonlanadi. Bu yili ushbu tuzilma tashkil etilganiga 19 yil to‘ladi.

ShHT – eng yosh, shu bilan birga jadal rivojlanayotgan xalqaro tashkilotlardan biri. Nisbatan qisqa fursat ichida u maslahatlashuv mexanizmi formatidan to to‘laqonli xalqaro tashkilotgacha bo‘lgan “siljish” yo‘lini bosib o‘tdi.

Tashkilotning 2017-yildagi kengayishidan, yaʼni Osiyoning yirik davlatlari – Hindiston va Pokistonning aʼzolikka qabul qilinishidan so‘ng, ShHT universal kun tartibiga ega bo‘lgan dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilotga aylandi. Bugungi kunda u dunyo aholisining qariyb yarmiga (3 mlrd. kishidan ziyod) va Yevroosiyo hududining 60 foizidan ko‘prog‘iga to‘g‘ri keladigan makonni o‘z ichiga qamrab olgan. 2019-yil natijalariga ko‘ra ShHT mamlakatlarining umumiy YaIM miqdori butunjahon YaIMning 20 foizini tashkil etdi.

O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotining ildam rivojiga salmoqli hissasini qo‘shgan holda, uning tashkil etilishiga tamal toshini qo‘ygan davlatlardan biridir.

“Shanxay beshligi”dan to‘la formatdagi mintaqaviy hamkorlik sari

ShHTning birinchi sammitida (Shanxay shahri, 2001-yil 14-15 iyun) Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya, Tojikiston, Xitoy va O‘zbekiston rahbarlari Shanxay hamkorlik tashkilotining tashkil etilishi to‘g‘risidagi Deklaratsiyani imzolagan.

Ushbu hujjatning qabul qilinishi bilan 1990 yillarda chegara hududlarda hamkorlik va ishonch choralarini mustahkamlash maqsadida vujudga kelgan “Shanxay beshligi”ning (Rossiya, XXR, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston) doimiy ishchi organlariga ega to‘laqonli faoliyat yurituvchi xalqaro tashkilotga aylanishidek katta institutsional o‘zgarish ro‘y berdi. Bu o‘z navbatida keng Yevroosiyo makonida mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlash hamda siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda ulkan hamkorlik salohiyatiga ega bo‘lgan eng yirik mintaqaviy tashkilotlardan biriga asos solinganligini anglatar edi.

Markaziy Osiyoda barqarorlikni taʼminlash, xalqaro terrorizm va ekstremizm, giyohvand moddalarining noqonuniy aylanishi hamda tahdidlarning boshqa ko‘rinishlariga qarshi kurashish ShHTning, ayniqsa, uning shakllanishi va rivojlanishining ilk yillaridagi kun tartibida ustuvor ahamiyatga ega bo‘ldi. ShHTga aʼzo davlatlarning mintaqaviy xavfsizlikka tahdidlarga qarshi kurash va “uch yovuzlik”ni bartaraf etish yo‘lida umumiy yondashuvlarni ishlab chiqishdagi saʼy-harakatlarini birlashtirishda juda muhim rol o‘ynadi. Qarorgohi Toshkent shahrida joylashgan Mintaqaviy aksilterror tuzilmasining (MATT) tashkil etilishi va muvaffaqiyatli faoliyat olib borishi ko‘p jihatdan ushbu maqsadga erishishga yordam berdi.

ShHT rivojlanib borar ekan, har yili o‘tkaziladigan sammitlarning kun tartibi muntazam kengayib bordi – xavfsizlikni mustahkamlashdan tortib to siyosat, xavfsizlik, diplomatiya, tashqi savdo, iqtisodiyot, turizm, transport, ilm-fan, taʼlim va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni har tomonlama rivojlantirishni o‘zida qamrab oladigan ustuvor masalalarga qadar.

Bugungi kunda ShHT tizimida davlat va hukumat, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari darajasida 30 ga yaqin nizomiy organlari, ko‘ptomonlama hamkorlikning 40 ga yaqin ekpert mexanizmlari mavjud. ShHT doirasida 1350 dan ortiq hujjatlardan iborat mustahkam xalqaro normativ-huquqiy baza yaratilgan.

O‘tgan yillar davomida tashkilotning xalqaro nufuzi sezilarli darajada o‘sdi. Bunga kuzatuvchi-davlatlar (Afg‘oniston, Belarus, Eron va Mongoliya) va muloqot bo‘yicha sheriklar (Armaniston, Kambodja, Nepal, Ozarbayjon, Turkiya va Shri-Lanka) institutlarining joriy etilgani muhim omil bo‘ldi. Bugungi kunda ShHT o‘nlab xalqaro tashkilotlar, shu jumladan, BMT, ASEAN, MDH va boshqa ko‘ptomonlama tuzilmalar bilan sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan.

O‘zbekistonning ShHT taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi

Toshkentning saʼy-harakatlari har doim ko‘ptomonlama hamkorlikni kengaytirish va o‘zaro ishonch, o‘zaro maslahatlashuv, madaniyatlar xilma-xilligiga nisbatan hurmat va birgalikda taraqqiy etish kabi “Shanxay ruhining” asosiy tamoyillarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan.

Mamlakatimiz o‘zining tashkilotdagi taʼsirini nafaqat aʼzo-davlatlarning turli yo‘nalishlardagi hamkorligini kengaytirishga, balki uning normativ-huquqiy va institutsional asoslarini mustahkamlashga yo‘naltirib keladi.

2003-2004 yillarda O‘zbekistonning ShHTga ilk bor raisligi davrida Xavfsizlik kengashi kotiblari uchrashuvi mexanizmi yaratildi, “Mintaqaviy aksilterror tuzilmasining Toshkent shahridagi joylashuvi tartibi”, “ShHT huzuridagi kuzatuvchi maqomi to‘g‘risidagi Nizom” qabul qilindi. Aynan o‘sha davrda Pokiston, Hindiston, Eron va Mo‘g‘uliston tashkilotga kuzatuvchi davlat maqomini oldi.

2009-2010-yillarda O‘zbekistonning ShHTga ikkinchi bora raisligi paytida ShHT faoliyati yangi bosqichga chiqdi. 2010-yil aprelda SHHT va BMT Kotibiyatlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi Qo‘shma deklaratsiya imzolandi, Tashkilotda ish yuritish masalalarini tartibga solishda muhim hujjat hisoblanadigan “ShHTning ish yuritish qoidalari” va “ShHTga yangi aʼzolarni qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlandi.

2016-yil 23-24-iyunida ShHTning 15-yillik yubileyiga to‘g‘ri kelgan Toshkentda bo‘lib o‘tgan sammiti erishilgan natijalar ko‘lami va ahamiyatiga ko‘ra, hech mubolag‘asiz, tashkilot tarixida o‘ta muhim voqea bo‘ldi. Aynan Toshkent sammiti yakuniga ko‘ra Hindiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasining ShHTga aʼzo davlat maqomini olish yo‘lidagi majburiyatlari to‘g‘risidagi Memorandumlar imzolangan va shu bilan tashkilotning kengayish uchun yirik qadam qo‘yilgan edi.

O‘zbekiston va ShHT hamkorligi yangi bosqichda: konstruktivizm, pragmatizm va tashabbuskorlik

Toshkentning ko‘pqirrali amaliy hamkorlikni yana-da rivojlantirishdagi tashabbuskorligi keyingi yillarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. ShHTning Ostona (2017-y.), Sindao (2018-y.) va Bishkek (2019-y.) sammitlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo va butun ShHT makonining transport-tranzit salohiyatini to‘liq ishga solish, turizm sohasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, innovatsion rivojlanish, yosh avlodni qo‘llab-quvvatlash, xalq diplomatiyasini ShHT xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashda samarali vosita sifatida ilgari surish, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlashda hamkorlikni yana-da kuchaytirishga qaratilgan qator tashabbuslar bilan chiqdi.

Toshkentning tuzilma faoliyatida ishtirokining jadallashuvi “ShHT-Afg‘oniston” muloqot guruhi ishini qayta tiklash imkonini berdi. O‘zbekiston taklifiga ko‘ra tashkilot doirasida Toshkentda ShHT Xalq diplomatiyasi markazi, Temir yo‘l maʼmuriyatlari rahbarlari uchrashuvi mexanizmi, Samarqand shahrida “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti kabi yangi hamkorlik platformalari yaratildi, ShHTga aʼzo davlatlar rahbarlarining yoshlarga qo‘shma murojaati, Mintaqalararo hamkorlik to‘g‘risidagi dastur, Raqamlashtirish va axborot-kommunikatsion texnologiyalar sohasidagi hamkorlik konsepsiyasi qabul qilindi.

Mamlakatimiz ShHTga aʼzo davlatlar o‘rtasida pragmatik va uzoq muddatli hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan hamda keng “ShHT makoni”ni rivojlantirishning ulkan salohiyatini to‘liq ochib berish imkonini beruvchi yangi istiqbolli yo‘nalishlarni ilgari surish tarafdoridir.

Ayni paytda O‘zbekiston sherik mamlakatlar bilan hamkorlikda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan “Taraqqiyot, o‘zaro bog‘liqlik, samarali iqtisodiy va transport koridori bo‘yicha ShHTga aʼzo davlatlar hamkorligi strategiyasi”, “ShHTga aʼzo davlatlarning “aqlli” qishloq xo‘jaligi va agroinnovatsiyalarni tadbiq etish sohasida hamkorlik konsepsiyasi”, zamonaviy resurslarni tejovchi va ekologik toza texnologiyalarni keng tadbiq etish maqsadida ShHTning “Yashil belbog‘i” dasturini, kiberxavfsizlikni taʼminlash masalalari bo‘yicha dasturni ishlab chiqish yuzasidan faol ish olib bormoqda.

Ko‘plab boshqa xalqaro tuzilmalar singari ShHT ham ayrim tahlikalar bilan to‘qnash kelmoqda. Ular qatorida – ShHT geografik makonida va umuman dunyoda ro‘y berayotgan tub o‘zgarishlarga moslashish layoqati. Tabiiyki, koronavirus pandemiyasi ham uning kelgusi kun tartibini shakllantirishga maʼlum taʼsir ko‘rsatishi aniq.

Bunday sharoitda “Shanxay sakkizligi”ning faoliyatini yangi mazmun-mohiyat bilan boyitish, uning kun tartibini transport-tranzit yo‘laklarini yaratish, innovatsion va raqamli taraqqiyot, iqtisodiy o‘sishning yangi nuqtalarini izlash, aʼzo davlatlarning iqlim o‘zgarishlari va ekologik xatarlarga qarshi kurashdagi sayʼ-harakatlarini birlashtirish kabi istiqbolli yo‘nalishlar bilan kengaytirish dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Rahmatulla Nurimbetov, 
O‘zbekistonning ShHT ishlari 
bo‘yicha milliy koordinatori, 
“Dunyo” AA